Bu dunyoning bori yo'ldir,
Bu yo'llarda tuzoq mo'ldir,
Yo'l boshida so'zim shuldir,
Omon bo'ling, omon bo'ling.

Ko'zingizga tortsa ham mil,
Ko'prigingiz bo'lsa ham qil,
Nomard bilan topishmang til,
Sarson bo'ling, sarson bo'ling.

Nopok ketsa yerdagi jang,
Mayli, bo'lsin holingiz tang,
Hech bozorgir bo'la ko'rmang,
Arzon bo'ling, arzon bo'ling.

Har darzni tez yopmoq uchun,
To'rt yon ildam chopmoq uchun,
Har shohga yo'l topmoq uchun,
Beyuz bo'ling, bejon bo'ling.

Har bir ovga qosh-ko'z bo'lib,
G'olib yovga siz o'z bo'lib,
Tana bo'lsa, siz po'st bo'lib,
Faqat yenggan tomon bo'ling.

Menam odam, emas Xizr,
Har kim o'z bilganin tuzur,
She'rim tegib ketsa, uzr,
Omon bo'ling, omon bo'ling.










